1447 йил 17 зулқаъда | 2026 йил 04 май, душанба
Минтақа:
ЎЗ UZ RU EN
Жаннат райҳонлари

Tarozining hikoyasi

15:00 / 09.05.2025 2036 pdf Ўқиш режими + -

Бисмиллаҳир Роҳманир Роҳийм.
Аллоҳ таолога битмас-туганмас ҳамду санолар бўлсин.
Пайғамбаримизга мукаммал ва батамом салавоту дурудлар бўлсин.

Avvalo oʻzimni tanishtirsam. Kamina doim xizmatingizga shay tarozi boʻlaman. Biz tarozilar Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Islomni olib kelgunlaricha ham odamzod boshiga tushgan koʻpgina voqealarga guvoh boʻlganmiz. Halokatli bu hodisalarning sababini ham ozmi-koʻpmi bilamiz. Qaysiki yurtda ikki narsa – tarozi va oʻlchovga xiyonat qilish koʻpaysa, shu yurtning boshiga balo-yu qazo yogʻilgan. Hatto ba’zi qavmlar yer yuzidan tamoman yoʻq boʻlib ketgan. Hammasi odamlar bir-birini aldab, ulugʻ hakam – Alloh koʻrib turishini unutib qoʻyishining orqasidan boʻladi. Shuning uchun ham Nabiy sollallohu alayhi vasallam oʻlchov va tarozi egalariga: «Zimmangizga oʻzingizdan oldin oʻtgan ummatlarning halokatiga sabab boʻlgan ikki narsa yuklatildi», deganlar. Ikki narsaning biri kamina – tarozi, ikkinchisi oʻlchov narsasidir.

Bir kuni bunday boʻldi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Makkaning bozoridan oʻzlariga kiyim sotib oldilar. Shundoqqina roʻparalarida kamina turgan edim. Mening egam tarozibonlik qilar, shu bilan yuk egalaridan haq olib kun kechirardi. Hazrati Paygʻambarimiz uning oldiga keldilar-da: «Tort va ogʻirroq qil», dedilar.

Men bu barokatli, muborak soʻzlarni eshitib, yayrab ketdim. Qaniydi shunday boʻlsa? Kamina hamisha xaridorlarning yuz-koʻzlaridan sotib olayotgan narsasi bir chimdim boʻlsa ham koʻproq tortilishini istayotganini koʻrib turardim. Ayni paytda mol egasining bir chimdim boʻlsa ham kamroq tortilishini, tarozi oʻzining foydasiga ishlashini xohlayotganini ham payqardim. Mol egasining bunaqa qurumsoqligi menga yoqmas edi. Mana endi Paygʻambarimiz: «Tort va ogʻirroq qil», dedilarmi, u zotning aytganlarini qilish kerak. Qani, mening sohibim nima qilar ekan deb qarab turibman. U yuk egasidan:

– Ogʻirroq qilib tortib bersam maylimi, – deb soʻradi.

– Yoʻq, – dedi u.

– Unda men yukingni tortib bermayman, boshqa tarozibonga olib bor, – dedi mening egam.

Sohibimning harakatidan boshim osmonga yetdi. U ishsiz qolmadi. Boshqa bir yuk egasi ogʻirroq tortib sotishga rozi boʻldi. Bu gap darrovda bozorga tarqadi. Xaridorlar yonimda toʻplanib qolishdi. Sohibimning qoʻli-qoʻliga tegmaydi, deng. Men barokatli taroziga aylanib qoldim.

Asta-sekin boshqa tarozibonlar ham mol egalari bilan kelishuvni yoʻq qilib, sohibimning yoʻlini tutishdi, Paygʻambarimiz hadislariga amal qilishdi. Bozorlarimizga nur va baraka toʻlib ketdi.

Aytmoqchimanki, aziz bolajonlar, siz ham ulgʻayasiz, bozorlarga meva-cheva, Alloh bergan rizqlar, don-dunlar olib kelasiz. Oʻlchab sotiladigan matolar va boshqa narsalar bilan mashgʻul boʻlasiz. Ziqna boʻlmang, saxiy, qoʻlingiz ochiq boʻlsin. Topgan-tutganingizga baraka yogʻilishini oʻshanda koʻrasiz.

Erkin bobo

«Hilol» jurnali 6(63)-son

 

Манба
islom.uz
Мавзуга оид мақолалар
Assalomu alaykum, azizlar. Men sizga ozimni tanishtirishdan oldin bazi bir narsalarni aytib bermoqchi edim. Allohning haq rasuli Muhammad alayhissalom Madinaga hijrat qilganlaridan keyin bu yerda bir masjid qurdirdilar. Masjidning uzunligi yuz gaz, eni qirq gaz edi. Bu muborak binoning tomini давоми...

2426 16:35 / 11.01.2024
Bani Isroilga nisbatan Fir`avnning adovatini ko`rgan xalq ham Isroil farzandlariga zulmzo`ravonlik qilishda Fir`avnga yaqinlashdilar. Hatto yosh bolalar Isroil farzandlarini so`kar, mahalla itlari esa oldiga solib quvlar edi. Har kuni yangi bir balo, har kuni tashvishli bir xabar Bani Isroil давоми...

3616 14:00 / 27.06.2022
10 Yusuf o`ziga o`zi shunday dedi Albatta ehtiyoj, ikki kishini menga chorladi. Albatta hojat egasi yumshoq bo`ladi va quloq soladi. Albatta hojat egasi itoat etadi va eshitadi. Agar ularga biror narsa aytsam, ular ham, qamoq ahli ham eshitadi. Lekin Yusuf shoshmadi, xovliqmadi ham. Ularga Men давоми...

2447 14:30 / 24.04.2019
7Bular olamdan o`tdi. Bolalar, otalarini o`sha haykalni tabarruk qilib, qattiq hurmatlash ila ulug`lashlarini va bu haykallarni o`pishayotganini hamda ularni ushlab, huzurida duo qilishayotganini ko`rardilar.Va yana bolalar, otalarini butlar oldida boshlarini egib, rukuapos qilishayotganini ham давоми...

2876 19:30 / 12.10.2019
Аудиолар

232718 11:58 / 10.10.2018
«Ҳилол» журнали
Китоблар

151255 14:35 / 11.08.2021